Turkiya Prezidentining kitobi o'zbek tilida nashr etildi
"Dunyo yanada odil bo'lishi mumkin" ("Daha Adil Dünya Mümkün") — Turkiya Prezidentining mashhur kitobi o'zbek tilida nashr etildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi oldidan mazkur kitob o'zbek tiliga tarjima qilinib, cheklangan miqdorda nashr etilgan edi. Quvonarlisi shundaki, Rejep Tayyip Erdog'anning "Dunyo yanada odil bo'lishi mumkin" nomli kitobini universitetimiz dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Abdumurod Tilavov va filologiya fanlari doktori, professor Ma'ruf Yo'ldoshevlar tarjima qilishgan. Rejep Tayyip Erdog'anning ushbu kitobida dunyo bo'ylab kuzatilayotgan adolatsizlik, migratsiya inqirozi, xalqaro terrorizm, islomofobiya, siyosiy munofiqlik kabi illatlar xususida so'z yuritiladi. Asarda "Bugun insoniyat uchun eng zarur qadriyat bu — adolatdir" degan g'oya ilgari suriladi. Ayni paytda, "Yangi asr avlodi" nashriyoti kitobni ko'p nusxada nashr qildi, endi o'zbek kitobxonlari ham mazkur kitobni o'zbek tilida o'qish imkoniga ega bo'ldi.