Turkiy dunyoning umumiy ma’naviy merosi ilmiy muloqot markazida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida “Navoiydan Aliasqargacha: turkiy dunyoning umumiy ma’naviy merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti prorektori, professor Nurboy Jabborov hamda universitet huzuridagi Fuzuliy nomidagi Ilmiy tadqiqot markazi rahbari, professor Gulbahor Ashurova ma’ruzalar bilan ishtirok etdi. Anjumanda turkiy xalqlarning boy adabiy va ma’naviy merosini oʻrganish, buyuk mutafakkirlar ijodini keng targʻib etish hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro anjuman doirasidagi tadbirlar 29-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida davom etdi. Universitet huzuridagi Fuzuliy nomidagi Ilmiy tadqiqot markazida Ozarbayjon Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida turkiy xalqlar oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, qoʻlyozmalarni oʻrganish va raqamlashtirish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, tarjima faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunida professor Nurboy Jabborov hamda professor Gulbahor Ashurovaga tashakkurnoma va kitoblar topshirildi. Mazkur uchrashuv turkiy dunyo ilmiy markazlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mushtarak maʼnaviy merosni oʻrganish va ilmiy aloqalarni kengaytirish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.


