Yangiliklar

img
Tue, 11/01/2022 - 22:34

Turk til kurumi tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda

2022-yilning 1-noyabr kuni universitetimizda Turk til kurumi tashkiloti boshlig'i yordamchisi Dr. Omar Go'k boshchiligidagi hamkorlarimiz mehmon bo'lishdi. Tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad Turk til kurumi bilan hamkorlik shartnomasini takomillashtirish, hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishdan iboratdir. 
Suhbat davomida dr. Omar Go'k ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan har ikki tomon birdek manfaatdor ekanligini qayd etdi. O'z navbatida ToshDO'TAU rektori Shuhrat Sirojiddinov ham hamkorlikdagi faoliyatni kengaytirish bo'yicha bildirilgan taklif uchun mehmonlarga minnatdorlik izhor etdi. 
Suhbat davomida kelgusi yil boshida Bursa universitetida Alisher Navoiy tavalludiga bag'ishlab yirik xalqaro konferensiya tashkil etish rejalashtirildi. Bundan tashqari nufuzli xalqaro ilmiy anjumanlar o'tkazishga ToshDO'TAUning salohiyati va sharoitlari mehmonlar tomonidan ijobiy baholandi. 
Kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar uchun taklif bildirayotganda professor Sh.Sirojiddinov O'zbekistonning chekka hududlaridagi shevalar hali ochilmagan qo'riq ekanligini, xususan qishloqlardagi qipchoq, o'g'uz lahjalariga kiruvchi shevalar tashqi ta'sirga uchramay qolganini va ularni ilmiy tadqiq etish turkiy xalqlarning tili va madaniyatiga katta hissa qo'shishini aytib o'tdi. O'z navbatida Turk til kurumi vakillari bu taklifni qo'llab-quvvatladilar va shevalarni tadqiq etish uchun maxsus ekspeditsiya tashkil etishni ma'qulladilar. 
Adabiyot sohasida ham qo'shma ilmiy loyihalar tayyorlash, doktorantlar uchun turkiyalik mutaxassislarning ilmiy rahbarlik qilishlariga imkon yaratish, Scopus ilmiy bazasiga kiritilgan jurnallarda maqolalar chop etish masalasida ham zarur takliflar o'rtaga tashlandi. 
Muzokaralar davomida bildirilgan fikrlar asosida takliflar tayyorlanib, Turk til kurumining bosh ofisiga taqdim etilishi belgilandi.