TTJda maxsus davra suhbati
2025-yil 27-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalar turar joyida “Adabiyot o‘qitishdagi muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda kafedra mudiri Sohiba Umarova, shuningdek, kafedra professor-o‘qituvchilari Iroda Ishonxonova, Muhayyo Yo‘ldosheva, Surayyo Inomjonova, Oysuluv Musulmonqulova va Mahliyo Elboyeva ishtirok etib, yosh adabiyotshunos talabalar bilan ochiq muloqot olib bordilar.
Davra suhbatida adabiyot darslarida uchraydigan metodik qiyinchiliklar, ularni samarali bartaraf etish yo‘llari, zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish, adabiy tahlil kompetensiyasini shakllantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Ustozlar talabalar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashib, adabiyotshunoslikka oid ilmiy izlanishlar, dars jarayonida kreativ yondashuvlar va o‘quvchi bilan ishlash bo‘yicha tavsiyalar berdilar.
Uchrashuv talabalar uchun nafaqat kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash, balki ustozlar bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatini ham yaratdi. Tadbir samimiy ruhda davom etib, yosh adabiyotshunoslarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishi va ilmiy izlanishlarga bo‘lgan intilishini yanada kuchaytirdi.


