Toshkent Fransuz alyansi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
2023-yilning 13-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetiga Fransiyaning O'zbekistondagi elchixonasi madaniyat va hamkorlik bo'yicha maslahatchisi Laurent Oriol hamda O'zbekistonda Fransuz alyansi direktori Dilshod Ahmedov boshchiligidagi vakillar tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova kutib oldi. tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad - ToshDO'TAU hamda Fransuz alyansi o'rtasida hamkorlik memorandumini imzolash va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishdan iborat. Suhbat davomida fransuz ko'ngillilariga o'zbek tilini o'rgatish, "Xorijliklar uchun O'zbek tili" darsligining keyingi nashrlarini fransuz til egalari uchun ham maxsus fransuz tilidagi yo'riqnomalar bilan chop etish, Tarjima nazariyasi va amaliyoti (fransuz tili) ta'lim yo'nalishi talabalariga Fransiyadan o'qituvchilar jalb qilish, hamkorlikda turli tanlovlar va loyihalar tashkil etish bo'yicha aniq takliflar bildirildi.

Fransuz alyansi faoliyati xalqaro maydonda fransuz tili va madaniyatini targ‘ib qilish, ommalashtirish, madaniyat sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, til va madaniy xilma-xillikka hissa qo‘shishga qaratilgan. Tashkilotning ta’lim va madaniy loyihalari madaniyatlararo muloqot, almashinuv va xalqaro mobillikni rivojlantirishga xizmat qiladi.




