Yangiliklar

img
Wed, 07/06/2022 - 18:17

ToshDO'TAUning afg'onistonlik bitiruvchilariga diplomlari topshirildi

Hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro miqyosda nufuzini ko‘tarish, o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada dunyoda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish va samaradorligini kuchaytirish, o‘zbek adabiyoti targ‘iboti orqali o‘zbek madaniyatini jahondagi yuksak maqomini tiklash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining vazifasi hisoblanadi va bu yo’lda samarali, maqsadli harakat qilib kelmoqda. Bugungi kunda universitetning xorijiy hamkorlari soni 108 taga yetdi. ToshDO’TAUga har yili AQSH, Pokiston, Italiya, Xitoy, Polsha, Nepal, Koreya, Afg’oniston, Turkiyadan o’zbek tilini o’rganish uchun xorijlik talabalar tashrif buyuradi. Ular universitetimizning nafaqat bakalavr, balki magistratura bosqichida ham ta’lim olish imkoniga egadir.

Xususan, 2020-2022-o’quv yilida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining magistratura bosqichida 13 nafar afg’onistonlik fuqaro tahsil oldi. Aytib o’tish lozimki, har tomonlama malakali kadrlarni tayyorlash, ularga o’zbek tili va adabiyotini chuqur o’rgatish maqsadida ta’lim jarayonlariga universitetimizning eng malakali professor-oʻqituvchilari jalb etildi.

2 yillik ta’lim yakunidan so’ng mazkur talabalarga universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov tomonidan magistrlik diplomlari topshirildi. Shuhrat Sirojiddinov afg’onistonlik fuqarolarni tabriklab, o’zbek tilini keng targ’ib qilishda samarali hamda amaliy harakat qilishlariga ishonch bildirdi. Jarayon davomida universitetimizning Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Nozliya Normurodova xorijlik bitiruvchilarni tabriklab, kelgusi ishlarida omad tiladi.

Bitiruvchilar universitetda yaratilgan imkoniyatlar, ilmiy salohiyati yuqori professor-o'qituvchilar tomonidan berilgan bilim, bag'rikenglik uchun rektor Shuhrat Sirojiddinov va universitet jamoasiga o'zlarining minnatdorchiligini bildirishdi.

Ishonamizki, ushbu talabalar o'zbek tili va adabiyotini xalqaro miqyosda targ'ib etish, tilimizning o'ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini rivojlantirishda  munosib  hissa qo’shishadi.