ToshDO‘TAUda koreyalik ko‘ngillilar uchun o‘zbek tili va madaniyati darslari boshlandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 8 nafar ko‘ngillisi uchun o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatishga qaratilgan navbatdagi o‘quv dasturining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova ochib berdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini, bu jarayonda KOICA bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
Marosimda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bir necha yildan buyon KOICA ko‘ngillilariga o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatish ishlari universitet huzuridagi “O‘zbek maktabi” jamoasi tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur dastur ham ana shu samarali hamkorlikning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Besh hafta davom etadigan kurslar ko‘ngillilarning o‘zbek tilidagi muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishishiga xizmat qiladi. Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar nafaqat til o‘rganadilar, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyot jarayonlari haqida ham keng tasavvurga ega bo‘ladilar.
Mazkur loyiha ToshDO‘TAUning o‘zbek tilini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, xorijlik fuqarolar uchun sifatli ta’lim muhitini yaratish hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish borasidagi izchil faoliyatining yana bir muhim natijasidir.

