
ToshDO’TAU yashil energiyadan foydalanadi
Energiya va energiya resurslari har qanday mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini taʼminlaydigan, uning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi va aholisi farovonligini belgilaydigan omillardan biri hisoblanadi. Soha mutaxassislari va olimlarning maʼlumotlariga koʼra, dunyoda aniqlangan mavjud tabiiy yoqilgʼi-energiya resurslari (tabiiy gaz, neft) 60-150 yil ishlatishga yetadi. Shu sababli, koʼplab davlatlarda energiya xavfsizligini taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish siyosati qoʼllanmoqda.
Bugun yangi Oʼzbekiston energetika tizimida ham mamlakat energiya xavfsizligini taʼminlash, energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan taʼminlash borasida ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning energiya sigʼimini yanada qisqartirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va “yashil energetika” siyosatini amalga oshirish, yaʼni qayta tiklanadigan energiya manbalaridan, jumladan, quyosh, shamol va suv energiyasidan foydalanishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetida ham bu borada samarali ishlar olib borilyapti. Universitet O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan (https://cooperation.uz) sayti orqali 200 litr hajmga ega bo’lgan quyosh suv isitish tizimlaridan 20 dona va 100 dona quyosh yoritgich qurilmalarini xarid qildi. Quyosh suv isitish tizimlari talabalar turar joyini issiq suv bilan to’liq ta’minlaydi va yiliga 40 foiz qayta tiklanmaydigan energiya resurslarini tejash imkonini beradi.
Universitet hovlisiga o’rnatilgan yoritish tizimlari ham quyosh batareyalari hisobiga ishlaydi va avtomatik tarzda yonib-o’chadi. Bu yoritgichlar yiliga 30 foiz hajmda elektr energiyasini tejash imkonini beradi.
Ezgu sa’y-harakatlar shu bilan to’xtab qolmaydi, yaqin kelajakda universitetni to’liq yashil energiya manbalari bilan ta’minlash reja qilinmoqda. Zero, ona tabiatni asrash barchamizning burchimizdir.