Yangiliklar

img
Wed, 09/10/2025 - 09:21

ToshDO‘TAU va umumta’lim maktablari o‘rtasida hamkorlik kengaymoqda

2025-yil 9-sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Sh.Xalilov hamda bo‘lim xodimlari Toshkent shahar Yunusobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 220- va 117-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablariga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF–73-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuv davomida pedagogik amaliyot jarayonini sifatli va samarali tashkil etish, talabalar nazariy bilimlarini amaliyotda sinovdan o‘tkazish, fanlarga oid mustaqil ta’limni amaliy hayot bilan uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, 4+2 tartibidagi pedagogik amaliyot doirasida O‘zbek tili va adabiyoti hamda o‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar barcha majburiy fanlardan olgan bilimlarini amaliyot jarayonida tatbiq etishi, ularning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, amaliyotni yuqori saviyada o‘tayotgan talabalarni keyinchalik umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga ishga qabul qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

  

Yangi o‘quv yilining boshlanishi arafasida muhokama qilingan chora-tadbirlar pedagogik amaliyot sifatini oshirish, talabalarni maktab muhitiga moslashtirish, ularning kasbiy malakasini oshirish hamda ta’lim sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Tashrif davomida bo‘lim xodimlari maktab ma’muriyati bilan kelgusi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab, amaliyot jarayonini monitoring qilish va baholash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surishdi.