Yangiliklar

img
Fri, 11/15/2024 - 18:47

ToshDOʻTAU va Gumboldt universiteti: Hamkorlikda yangi qadamlar

Avval xabar berganimizdek, universitetimizning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova Germaniyada xizmat safarida bo‘ldi. Safar davomida u Gumboldt universitetining taklifiga binoan ushbu oliy ta’lim muassasasida muhim xalqaro masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi. Xususan, Gumboldt universitetining Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti rahbari, professor Manja Shtefan-Emrix bilan uchrashib, ikki tomonlama akademik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralarda manbashunoslik, turkologiya, etnografiya singari sohalarda qo‘shma kadrlar tayyorlash, ilmiy izlanishlarni kengaytirish va akademik mobillikni oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Ushbu hamkorlik doirasida ToshDO‘TAU va Gumboldt universiteti o‘rtasida qo‘shimcha shartnoma tuzish bo‘yicha kelishib olindi. Mazkur shartnoma, xususan, germaniyalik tadqiqotchilarning Markaziy Osiyo tarixi, madaniyati, etnografiyasi va qadimiy Sharq manbalarini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, turkologiya va Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy jarayonlari yuzasidan tadqiqotlarni ilgari surishga zamin yaratadi. Shu bilan birga, yosh olimlar uchun ToshDO‘TAUda uzoq va qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. 2025-yil yozidan boshlab mazkur shartnoma asosida bir guruh talabalar ToshDO‘TAUda ilmiy izlanish olib borish uchun uzoq muddatli almashinuv dasturida qatnashishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Gumboldt universiteti bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Erasmus loyihasi yana 3 yilga uzaytirildi. Ushbu loyiha doirasida ingliz va nemis tillarini puxta o‘zlashtirgan ToshDO‘TAU talabalari akademik mobillik asosida Gumboldt universitetiga yuboriladi. Mazkur loyiha fors va eski o‘zbek tilidagi manbalarni tadqiq etayotgan yosh tadqiqotchilar uchun ham yangi ilmiy izlanish imkoniyatlarini ochadi.

  

Bundan tashqari, Gumboldt universiteti bilan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish doirasida qo‘shma tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish hamda mazkur yo‘nalishdagi strategik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. ToshDO‘TAU BRMga erishish yuzasidan ilg‘or tajribaga ega bo‘lib, bu borada muhim xalqaro loyihalarni amalga oshirmoqda. Ushbu kelishuv ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish va global masalalarga qo‘shma yechimlar topishda o‘zaro foydali platforma yaratadi.
Shuningdek, madaniy diplomatiya doirasida ham yangi hamkorlik loyihalari ishga tushirilishi va bu yo‘nalishda madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirildi.

 

2025-yilning aprel oyida M. Shtefan-Emrix boshchiligidagi delegatsiyaning ToshDO‘TAUga tashrifi kutilmoqda. Ushbu tashrif davomida yevropalik olimlar tomonidan universitet talabalariga xalqaro miqyosdagi ilmiy ma’ruzalar va seminarlar tashkil etilishi mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, N. Normurodova Berlinda Erasmus+ dasturi koordinatori Iogann Komol bilan uchrashib, Gumboldt universiteti va ToshDO‘TAU o‘rtasidagi Erasmus+ loyihasini 3 yilga uzaytirish yuzasidan ham kelishuvga erishdi. Iogann Komol universitetimizning xalqaro hamkorlikdagi yuqori salohiyatini yuqori baholab, kelgusidagi qo‘shma loyihalarda yanada faol qatnashishni taklif qildi. Shu bilan birga, Iogann Komol kelgusi yil yozida universitetimizga shaxsan tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishni rejalashtirayotganini aytib o‘tdi.
Umuman olganda, mazkur muzokaralar va kelishuvlar universitetimizning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlab, talabalar va tadqiqotchilar uchun yangi ilmiy va akademik imkoniyatlar eshigini ochmoqda.