TOSHDO‘TAU — turkiy dunyo ilmiy maydonida
Joriy yilning 24–25-sentabr kunlari Turkiyaning Sinop shahrida “Turkiy xalqlarning ma’naviy integratsiyasi: tili, adabiyoti, madaniyati” III xalqaro ilmiy simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli ilmiy anjumanda 10 ta davlatdan 91 nafar olim va tadqiqotchi ishtirok etdi. Simpoziumda turkiy xalqlarning tili, adabiyoti, tarixi, folklori, madaniyati va ma’naviy qadriyatlari, ularning mushtarak jihatlari hamda milliy o‘ziga xosliklari keng muhokama qilindi. Ilmiy ma’ruzalar va fikr almashuvlar turkiy xalqlar o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada rivojlantirish, umumiy ilmiy-ma’naviy merosni chuqur tadqiq etish hamda ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur xalqaro ilmiy muloqot an’anaviy tus olib bormoqda. Anjumanning I yig‘ilishi O‘sh davlat universitetida, II anjumani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida, III xalqaro simpoziumi esa Sinop shahrida o‘tkazildi.
Simpoziumda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari oflayn va onlayn formatlarda faol ishtirok etdilar. Universitet vakillaridan professorlar S. Muhamedova, Q. Pardayev, dotsent G. Soatova anjumanda oflayn tarzda ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashib, bir qator sho‘balar faoliyatiga raislik qildilar. Shuningdek, universitet professorlari K. Mavlonova, S. Umarova, dotsentlar M. To‘ychieva, S. Kuldasheva, O. Turaqulova, Q. Ma’miraliyev, I. Eshonxonova, E. Shirinovalar tomonidan onlayn formatda taqdim etilgan ma’ruzalar ham simpozium ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. ToshDO‘TAU olimlarining ma’ruzalari o‘zbek tili, adabiyoti va turkiy xalqlarning umumiy ilmiy-ma’naviy merosiga oid dolzarb masalalarni qamrab oldi.
Konferensiya boshlanishidan bir kun avval Sinop universiteti rektori, professor Shakir Tashdemir xalqaro anjuman ishtirokchilarini qabul qildi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

24-sentabr kuni simpoziumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Sinop ta’lim tizimi vakillari, jamoatchilik faollari hamda turli davlatlardan tashrif buyurgan olim va tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Tadbir davomida O‘zbekistonda ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, turkiy dunyo xalqlari o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. Simpozium doirasidagi ilmiy uchrashuvlar nafaqat ma’ruza va muhokamalar, balki kelgusidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ham yuzaga keltirdi.
Sinopdagi xalqaro simpozium turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy-ma’naviy aloqalarni mustahkamlash, umumiy tarixiy va madaniy merosni tadqiq etish hamda zamonaviy ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash nuqtayi nazaridan muhim ilmiy maydon bo‘ldi. ToshDO‘TAU professor-o‘qituvchilarining mazkur anjumandagi faol ishtiroki universitetning o‘zbek tili, adabiyoti va til ta’limi sohalaridagi ilmiy salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etish, turkiy dunyo olimlari bilan akademik aloqalarni kengaytirish va mushtarak ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganishga qo‘shayotgan hissasini yana bir bor tasdiqladi.

Sinopdagi mazmunli va samarali ilmiy muloqot ishtirokchilarga yangi ilmiy g‘oyalar, hamkorlik istiqbollari va do‘stona aloqalar bilan yodda qoldi. Endilikda turkiy dunyo olimlari ushbu ezgu ilmiy an’ananing navbatdagi bosqichi — IV xalqaro anjumanni intiqlik bilan kutib qoladilar.

