ToshDO'TAU tasarrufidagi akademik litseyga tashrif
Ma’lumki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida akademik litsey tashkil qilinib, samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Joriy yilning 24- iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Samariddinovich Sirojiddinov universitet qoshidagi akademik litseyga tashrif buyurdi.
Rektor o’quv muassasida amalga oshirilayotgan islohotlar va natijalar, “Qabul-2022” jarayonida abituriyentlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, elektron hujjat topshirish uchun yo’lga qo’yilgan ishlarni bevosita kuzatdi. Jarayonda ToshDO’TAU oʻquv ishlari boʻyicha prorektor S.Normamatov, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi” boshligʻi R. Umrzakova hamda litsey ijrochi direktori B. Adizov ishtirok etdi.
B.Adizov universitet rektorini litseydagi qabul jarayonlari, bugungi kundagi holati, qulayliklar, yaratilgan imkoniyatlar, fuqarolar murojaatlari bilan tanishtirib oʻtdi. Tashrif chog’ida rektor Sh.Sirojiddinov qabul jarayonida ishlayotgan oʻqituvchi-xodimlar bilan suhbatlashdi va oʻquvchilarni malakali kadr qilib tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.
Akademik litsey o’quvchilarining necha foizi oliy taʼlim talabalariga aylanganligi, ularning qaysi universitetlarda tahsil olayotgani, oʻqituvchilarning toifa va darajalari haqida maʼlumot oldi. Shuningdek, bugungi kunda taʼlim berishga qoʻyilayotgan qatʼiy talablar, yangi oʻquv yilidan universitet va litsey oʻqituvchilarining ilmiy salohiyat darajasi qat’iy e’tiborga olinishi, oʻquvchilarning universitetdagi bilim darajasini oshirish, taʼlimda korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik masalalari muhokama qilindi.
Yil davomida bajarilgan ishlar samaradorligi o’rganib chiqildi. Uchrashuv davomida Shuhrat Sirojiddinov tomonidan qabul jarayoni va unga bog’liq masalalar boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi, yangi o’quv yili uchun istiqbolli rejalar tuzish belgilandi.