Yangiliklar

img
Sat, 09/19/2026 - 18:55

ToshDO‘TAU talabasi sun’iy intellekt yo‘nalishidagi loyihasi bilan tanlov g‘olibi bo‘ldi

2026-yil 18-sentabr kuni O‘zbekistonda raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan “Uzbekistan Digital Inclusion Project” loyihasi doirasida bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan bo‘lib, yoshlarning zamonaviy raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi bilimlarini mustahkamlash hamda raqamli iqtisodiyotdagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Kompyuter lingvistikasi yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Shukurullayeva Mohinur Xamza qizi ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mohinur Shukurullayeva loyiha doirasida “AI & Machine Learning Fundamentals” dasturida tahsil olib, sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganish bo‘yicha 4 oylik intensiv ta’lim dasturini muvaffaqiyatli tamomladi. Dastur yakuniy bosqichida u “Student Learning Segmentation” nomli Capstone Project loyihasini ishlab chiqib, mazkur loyiha bilan tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Student Learning Segmentation” loyihasi universitet talabalari va ularning onlayn ta’lim platformalaridagi o‘quv faoliyatini tahlil qilishga qaratilgan unsupervised machine learning loyihasi bo‘lib, unda Open University Learning Analytics Dataset (OULAD) ma’lumotlar to‘plamidan foydalanilgan. Loyihaning asosiy maqsadi talabalarni yakuniy baholari yoki o‘quv natijalariga ko‘ra emas, balki ta’lim jarayonidagi xatti-harakatlari asosida turli guruhlarga ajratish va o‘quv faolligining o‘ziga xos shakllarini aniqlashdan iborat. Tahlil jarayonida talabalarning platformadagi faolligi, o‘qish ritmi, o‘quv materiallaridan foydalanish darajasi va boshqa xulq-atvor ko‘rsatkichlari asosida mazmunli guruhlarni aniqlashga e’tibor qaratilgan. Mazkur loyiha kompyuter lingvistikasi, sun’iy intellekt, machine learning va ta’lim analitikasi yo‘nalishlari kesishmasida amaliy tadqiqot olib borish imkoniyatini namoyon etadi. Mohinurning ushbu natijasi Kompyuter lingvistikasi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun til texnologiyalari bilan bir qatorda ma’lumotlar tahlili, sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish muhimligini ko‘rsatadi. Bitiruv marosimida dastur ishtirokchilariga QR-kodli sertifikatlar topshirildi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar qatorida Mohinur Shukurullayeva ham munosib taqdirlandi. Talabamizni ushbu muhim yutug‘i bilan muborakbod etamiz va kelgusidagi ilmiy, innovatsion hamda texnologik loyihalarida muvaffaqiyat tilaymiz!