ToshDO‘TAU professori Turkiyada ilmiy safarda bo‘ldi
Universitetimiz O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov joriy yilning 7-14-oktabr kunlari Turkiya Respublikasida ilmiy safarda bo‘lib qaytdi. U Anqara Yildirim Boyazid universitetida o‘tkazilgan o‘zbek shoiri Chori Avazning turk tilidagi “Aydinli hayallar” she’riy to‘plami taqdimotida qatnashib, o‘zbek-turk adabiy aloqalarining buguni va istiqboli, shoir she’riyatining turkiy xalqlar estetik tafakkuri takomilidagi o‘rni xususida nutq so‘zladi.
Professor Nurboy Jabborov Anqara Yildirim Boyazid universiteti hamda dunyo OTMlari reytingida TOP – 1000 talikka kirgan Hajettepe universitetida “Alisher Navoiy asarlarida turkiy ruhiyat ifodasi”, “Alisher Navoiy va usmonli turk adabiyoti” mavzularida ma’ruzalar o‘qidi. Universitetimiz olimining ma’ruzalari turkiyalik professor-o‘qituvchilar hamda talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Turkiy xalqlar adabiyoti tarixi bo‘yicha rejali tadqiqotlar olib borish, qardosh xalqlar olimlarining o‘zaro ilmiy-pedagogik sohalarda tajriba almashinuvi milliy adabiyotshunosligimiz va adabiyot ta’limi rivojida, shubhasiz, muhim natijalarga olib keladi.


