Yangiliklar

img
Thu, 09/24/2026 - 12:45

ToshDO‘TAU jamoasi “Havaskor zakovatchilar” musobaqasida gʻoliblar safida

Yoshlarning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va dunyoqarashini yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Yoshlarimiz turli xalqaro va respublika miqyosidagi intellektual musobaqalarda munosib natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

2026-yil 23-sentyabr kuni “Zakovat” arena binosida Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi hamda “Zakovat intellektual klubi” NNT hamkorligida davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari jamoalari o‘rtasida “Havaskor zakovatchilar” intellektual musobaqasi tashkil etildi.

Musobaqada 28 ta oliy ta’lim tashkilotining jamoalari ishtirok etib, bilim va intellektual salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Qizg‘in va do‘stona ruhda kechgan bellashuv davomida ishtirokchilar turli mavzularga oid savollarga javob berib, o‘z bilimlarini namoyon etdilar.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi faxrli 3-o‘rinni egalladi.

 

Universitet jamoasi 3-o‘rin uchun 6 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti va sertifikat bilan taqdirlandi.

ToshDO‘TAU jamoasining mazkur natijasi universitet yoshlarining intellektual salohiyati, bilimga bo‘lgan qiziqishi va turli yo‘nalishlarda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishga intilayotganidan dalolat beradi.

 

Musobaqa yoshlar uchun o‘zaro tajriba almashish, yangi bilimlarni sinovdan o‘tkazish va intellektual salohiyatini namoyon etish imkonini berdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday intellektual bellashuvlarni muntazam tashkil etish va ularda faol qatnashish istagini bildirdilar.

ToshDO‘TAU jamoasini ushbu munosib natija bilan tabriklaymiz!