ToshDO‘TAU dotsentlari Pragada xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etdilar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsentlari Gavhar Komilova hamda Mushtariy Xolmuradova 2026-yil 12–26-avgust kunlari Chexiyaning Praga shahrida tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etdilar.
Ikki hafta davom etgan mazkur dastur zamonaviy ta’limning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish, pedagoglarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini boyitish hamda ilg‘or ta’lim yondashuvlari bilan yaqindan tanishishga qaratildi.
Dastur doirasida ishtirokchilar Amaliy fanlar va boshqaruv Yevropa institutida (European Institute of Applied Science and Management) ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish (artificial intelligence), yangicha o‘qitish usullari (innovative teaching methods), bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda sinov topshiriqlarini tuzish uslubiyati (assessment and test development methodology), ta’lim jarayonida samarali muloqot va yetakchilik (communication and leadership), shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish (ICT competencies) kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
Mashg‘ulotlar davomida zamonaviy ta’lim jarayonida raqamli vositalardan samarali foydalanish, o‘qitishning yangicha usullarini qo‘llash, ta’lim natijalarini xolis baholash, samarali muloqot o‘rnatish va pedagogik yetakchilikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar, shuningdek, turli mamlakatlarda ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishish va ularni o‘z kasbiy faoliyati nuqtayi nazaridan tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Xalqaro malaka oshirish dasturi Gavhar Komilova va Mushtariy Xolmuradovalarning xalqaro kasbiy tajribasini kengaytirish, zamonaviy ta’lim yondashuvlarini chuqurroq o‘zlashtirish, xorijiy mutaxassislar bilan kasbiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim jarayoniga tatbiq etish mumkin bo‘lgan yangi g‘oyalarni shakllantirishga xizmat qildi.
Pragada orttirilgan mazkur tajriba kafedraning o‘quv-uslubiy, ilmiy va pedagogik faoliyatini yanada takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularning samarali jihatlarini ta’lim amaliyotiga joriy etish uchun muhim imkoniyat yaratdi.

