Yangiliklar

img
Wed, 09/30/2026 - 12:20

Tonggi badantarbiya mashg‘ulotlari muntazam davom etmoqda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish maqsadida “Ertalabki badantarbiya” mashg‘ulotlari muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.

Navbatdagi mashg‘ulot soat 06:30 dan 07:00 gacha universitet bosh murabbiysi Roziya Alimboeva tomonidan reja asosida o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida talabalarning kundalik jismoniy faolligini ta’minlash, organizmni faol harakatga tayyorlash hamda jismoniy chiniqish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mashg‘ulotning asosiy qismi “Talaba yugur” musobaqalariga tayyorgarlik doirasida yengil atletikaning uzoq masofaga yugurish yo‘nalishiga qaratildi. Talabalar tomonidan yugurish texnikasini takomillashtirish, to‘g‘ri nafas olish, yugurish tezligini me’yorida taqsimlash va chidamlilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan mashqlar bajarildi.

Muntazam tashkil etilayotgan ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari talabalarning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash bilan birga, ularda intizom, faollik va sportga bo‘lgan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Mashg‘ulotlarda talabalarning faol ishtirok etayotgani ularning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

 

Universitetda mazkur mashg‘ulotlarning izchil davom ettirilishi talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ommaviy sport tadbirlariga keng jalb qilish va turli sport musobaqalariga puxta tayyorlashga xizmat qiladi. “Ertalabki badantarbiya” mashg‘ulotlari kelgusida ham reja asosida muntazam tashkil etilib, talabalarning jismoniy faolligi va sport mahoratini oshirishga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.