Yangiliklar

img
Wed, 10/07/2026 - 16:49

“Tinchlik – eng oliy ne’mat” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

7-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Tinchlik – eng oliy ne’mat” mavzusida, “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi maslahatchisi, Axborot xizmati rahbari, “Shuhrat” medali sohibi, dinshunos-islomshunos Ilhom Ma’rupov mehmon sifatida ishtirok etdi.

 

Davra suhbatida bugungi kunda tinchlik va osoyishtalikni asrash, jamiyat barqarorligini ta’minlash, yosh avlodni turli yot g‘oyalar va zararli mafkuraviy ta’sirlardan himoya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tinchlik inson va jamiyat hayotidagi eng oliy qadriyatlardan biri ekani, uning qadriga yetish va uni asrab-avaylash har bir fuqaroning muhim vazifasi ekani ta’kidlandi.

 

Suhbat davomida jaholat, mutaassiblik, aqidaparastlik va turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashishda ma’rifatning o‘rni haqida muhim fikrlar bildirildi. Ayniqsa, yoshlarning diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli axborotlarga nisbatan hushyorlik bilan yondashish zarurligiga e’tibor qaratildi.

 

Ilhom Ma’rupov o‘z chiqishida jaholatga qarshi eng samarali vosita – bilim va ma’rifat ekanini qayd etib, yoshlarni ilm olishga, dunyoqarashini kengaytirishga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur anglashga chaqirdi. Shuningdek, tinchlik va totuvlik muhitini mustahkamlashda har bir insonning mas’uliyati borligi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi faolligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

 

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tinchlikni ta’minlash, diniy bag‘rikenglik, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish hamda turli yot va zararli g‘oyalarning oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

 

Mazkur davra suhbati talaba-yoshlarning tinchlikning qadriga yetishi, ma’rifat va bilimning inson hayotidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglashi, turli mafkuraviy tahdidlarga nisbatan ogoh va hushyor bo‘lishi uchun muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon bo‘lib xizmat qildi.