Yangiliklar

img
Fri, 09/18/2026 - 19:02

“Tilning ijtimoiy tabiati” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU professori, filologiya fanlari doktori Zulxumor Xolmanova hamda Turkiya Respublikasi Kastamonu universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Mustafa Said Arslan ishtirokida “Tilning ijtimoiy tabiati” mavzusida “Mahorat darsi” tashkil etildi.

“Mahorat darsi” binar ma’ruza shaklida o‘tkazilib, unda tilning jamiyat hayotidagi o‘rni, ijtimoiy tabiati va funksional imkoniyatlari, shuningdek, tillarning jamiyatdagi maqomi bilan bog‘liq muhim masalalarga to‘xtalindi.

“Mahorat darsi”da til va jamiyat munosabati, tilning ijtimoiy vazifalari, dunyo tillari, xalqaro, mahalliy, milliy va me’yorlashtirilgan tillar kabi masalalar yuzasidan ilmiy-nazariy mulohazalar bildirildi. Xususan, tilning jamiyat bilan uzviy aloqasi, ijtimoiy ehtiyojlar ta’sirida uning rivojlanishi va turli kommunikativ vazifalarni bajarishi haqida fikr almashildi.

Ma’ruzada tilning insonlar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlovchi vosita bo‘lish bilan birga, xalqning tarixiy xotirasi, milliy-madaniy qadriyatlari va ijtimoiy tajribasini ifodalash hamda avloddan avlodga yetkazishdagi ahamiyati ham yoritib berildi. Shuningdek, dunyo tillarining xalqaro va mahalliy miqyosdagi qo‘llanish doirasi, milliy tilning jamiyat hayotidagi mavqeyi hamda “me’yorlashtirilgan til” tushunchasining o‘ziga xos jihatlari xususida fikr yuritildi.

“Mahorat darsi”ning muhim jihatlaridan biri o‘zbek tilini xorijiy mamlakatlarda o‘qitish tajribasi bilan bog‘liq masalalarning muhokama qilingani bo‘ldi. Kastamonu universiteti dotsenti Mustafa Said Arslan Turkiyada o‘zbek tilini o‘qitish jarayonida to‘plangan nazariy va amaliy tajribalar haqida so‘z yuritdi. U o‘zbek tilini o‘rganish va o‘qitish jarayonida kuzatilayotgan jihatlar, ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan yondashuvlar hamda amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Binar ma’ruza shakli mavzuni ikki mamlakat tilshunosligi va ta’lim tajribasi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish, ilmiy qarashlarni qiyoslash hamda ishtirokchilar bilan bevosita muloqot qilish imkonini berdi. Mashg‘ulot davomida mavzu yuzasidan savol-javob va fikr almashuv tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Mazkur “Mahorat darsi” tilning ijtimoiy mohiyatini chuqur anglash, zamonaviy tilshunoslikdagi nazariy qarashlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish hamda o‘zbek tilini xorijiy auditoriyada o‘qitish tajribasini ommalashtirish nuqtayi nazaridan muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.