
Til va madaniyat uyg'unligi
2025-yil 24-fevral kuni fransuz tili o'qituvchilari va yo‘nalish talabalari ishtirokida “Fransuz milliy bayramlari va urf-odatlari” mavzusida qiziqarli va mazmunli tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida ishtirokchilar nafaqat bilimlarini mustahkamlash, balki fransuz madaniyatining betakror muhitini his etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Dastlab, ustozlar Fransiyaning milliy bayramlari, ularning tarixi va nishonlanish an’analari haqida batafsil ma’lumot taqdim etdilar. Talabalar esa o‘z navbatida turli viktorinalar va savol-javoblarda faol ishtirok etib, bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Tadbirning eng hayajonli qismi esa jonli chiqishlar va amaliy mashg‘ulotlar bo‘ldi. Ishtirokchilar fransuz urf-odatlarini namoyish etib, an’anaviy marosimlarning atmosferasini yaratishga harakat qilishdi. Shuningdek, talabalar Fransiyaning mashhur milliy taomlari va saladlarini tayyorlab, o‘z pazandalik mahoratini sinovdan o‘tkazdilar. Ularning ijodkorligi, taqdimot uslubi va taomlarning nafisligi hakamlar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Tadbir yakunida eng faol va ijodkor talabalar hamda g‘olib jamoalar diplom, sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu tadbir talabalar uchun nafaqat fransuz madaniyatini chuqurroq anglash, balki o‘z iste’dod va mahoratlarini namoyon etish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.