
Tarjimashunoslik sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi
2025-yil 20-fevral kuni universitetimizda Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi huzurida tashkil etilgan ilmiy-nazariy seminarning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar tarjima jarayonining dolzarb masalalarini muhokama qilish, tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etish va tarjimashunoslik sohasidagi eng so‘nggi ilmiy yondashuvlarni tahlil qilish maqsadida o‘tkazildi. Seminarda universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Seminarda tarjimaning nazariy va amaliy jihatlari, jumladan, bugungi kun sinxron tarjima muammolari va ularning yechimlari, adabiy asarlar tarjimalarining qiyosiy tahlili, turli tillarda sodir bo‘layotgan lingvistik o‘zgarishlar hamda tarjimada uchraydigan intertekstual vositalarning o‘rni kabi masalalar muhokama qilindi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z ilmiy ishlari doirasida olib borilgan izlanishlar natijalarini taqdim etib, o‘zaro fikr almashdilar. Ilmiy-nazariy seminar qizg‘in bahs-munozaralar bilan kechdi, ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar kelgusida tarjimashunoslik yo‘nalishidagi ilmiy ishlarga asos bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.
Seminarda quyidagi ma’ruzalar tinglandi: Iskandarov Bahrom Bahodir o‘g‘li “Martin Iden” asaridagi frazeologik iboralarning ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi tahliliga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlari bilan ishtirok etdi. Uning ma’ruzasida frazeologizmlarning turli tillarda berilish xususiyatlari, tarjima jarayonida uchraydigan muammolar hamda semantik va uslubiy tafovutlar tahlil qilindi. Xabibullayeva Dilnoza Qobiljon qizi esa tibbiyot sohasiga oid sinxron tarjima muammolariga to‘xtaldi. U o‘z ma’ruzasida tibbiy terminlarning tarjimasi, tibbiyot sohasida sinxron tarjimonlar duch keladigan qiyinchiliklar va ularni yengish usullari haqida so‘z yuritdi. Do‘smuradova Yulduz To‘ychi qizi intertekstuallik turlari va intertekstual vositalarning tasnifi bo‘yicha ilmiy ma’ruza taqdim etdi. Uning tadqiqotida intertekstual birliklarning turli tillarda ifodalanish xususiyatlari va tarjima jarayonida ularning o‘rnini to‘g‘ri aniqlash masalalari ko‘rib chiqildi. Fayzullayeva Zebuniso Abdukarimovna esa nemis tilidagi istak maylining o‘zbek tiliga tarjima qilinishiga oid ilmiy ishlari bilan ishtirok etdi. Uning ma’ruzasida istak maylining nemis tilidagi grammatik va semantik xususiyatlari, ularni o‘zbek tilida ifodalash usullari va tarjima jarayonidagi muammolar haqida so‘z bordi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan tarjimashunoslik sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning dolzarbligi, ushbu tadqiqotlarning tarjima sifati va samaradorligini oshirishdagi ahamiyati ta’kidlandi. Tadbir davomida ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar va takliflar tarjima nazariyasi hamda amaliyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.