Yangiliklar

img
Fri, 06/20/2025 - 12:08

Tarjima, adabiyotshunoslik va qiyosiy tilshunoslik sohasida yangi izlanishlar

2025-yil 19-iyun kuni Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi huzurida faoliyat yuritayotgan ilmiy-nazariy seminar joriy o‘quv yilidagi yakuniy yig‘ilishini o‘tkazdi. Mazkur anjuman universitetimiz ilmiy jamoatchiligi, xususan, yosh tadqiqotchilar va tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘ziga xos ilmiy muloqot maydoniga aylandi.

Seminarning dastlabki qismi kafedraning III bosqich tayanch doktoranti Fariza Ruzimurodovaning “Dekonstruksiya nazariyasining zamonaviy talqini va tarjima jarayonidagi aks ettirilishi” mavzusidagi konseptual jihatdan boy, nazariy chuqurlik va ilg‘or g‘oyalarga ega ma’ruzasi bilan boshlandi. Unda strukturalizm va poststrukturalizm o‘rtasidagi munosabat, Derrida qarashlarining tarjimashunoslikdagi ahamiyati hamda dekonstruksiyaning matnshunoslikda qo‘llanish imkoniyatlari haqida mufassal tahlillar keltirildi. Ushbu ma’ruza tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, seminar doirasida qizg‘in savol-javoblar va mazmunli fikr almashuvlarga sabab bo‘ldi.

Seminarning keyingi qismida bir qator tadqiqotchilar o‘z dissertatsiya ishlari doirasidagi ilmiy izlanishlarini taqdim etdilar. Jumladan, animatsion filmlar tarjimasida pragmatik potensialni saqlash, kontekstual moslikni ta’minlash hamda lingvomadaniy tafovutlarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, adabiy matnlarda epigrafning stilistik va semantik funksiyalari, ayniqsa, ularning muallifning diskursiv pozitsiyasini ifodalovchi vosita sifatida tutgan o‘rni haqida tahliliy mulohazalar bildirildi. O‘zbek va ingliz adabiyoti namunalari asosida epigraflarning ijtimoiy-madaniy va intertekstual ahamiyatini yorituvchi dalillar bilan boyitilgan taqdimotlar tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida ilmiy-metodologik yondashuvlar, tarjima jarayonida nazariy qarashlarni tatbiq etish imkoniyatlari hamda fanlararo integratsiyaning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan ochiq muloqot va bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Bu esa seminarning nafaqat akademik bilim almashinuvi, balki yangi ilmiy g‘oyalarni shakllantirish va istiqbolli hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon bo‘lganini yana bir bor tasdiqladi.