Tarixiy poetika milliy adabiyotshunoslik muammosi sifatida
Har bir ta'lim muassasaning tegishli fakultetlari o'z yo'nalishi bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi markaz ham sanaladi. Xususan, o'zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligining ilmiy-nazariy muammolarini tahlil qilish, tegishli yechimlarni taklif qilish borasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti O'zbek filologiyasi fakulteti bu borada namunali faoliyat olib bormoqda. fakultet qariyb bir asrlik an'analarga ega, bu fakultetning o'z ilmiy maktablari, o'z ilmiy yo'nalishlari va tadqiqot uslublari borki, shu jihati bilan yurtimizdagi barcha filologlarning maqsadlarini umumlashtiruvchi markazga aylangan. Fakultet Kengashi qoshida an'anaviy ravishda adabiyotshunoslik va tilshunoslik bo‘yicha xalqaronazariy-metodologik seminar tashkil etib boriladi. Bu seminarlarning nufuzi va ko'lami katta konferensiyalardan kam emas.Jumladan, 2023-yilning 28-sentabr kuni mazkur nazariy-metodologik seminarning navbatdagi yig'ilishi o'tkazildi. Seminarda filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Jo'raqulov "Tarixiy poetika" milliy adabiyotshunoslik muammosi sifatida" mavzusida ma'ruza qildi.

Ma'ruza muallifi ushbu universitetning Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri sifatida yurtimizda jahon adabiyotini o'qitish muammolari, qiyosiy adabiyotshunoslik oldidagi kechiktirib bo'lmas vazifalar haqida ko'plab ilmiy chiqishlari bilan soha rivojiga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Bugungi ma'ruzada ham ushbu yo'nalishdagi yana bir dolzarb masala o'rtaga tashlandi. Badiiy asar yaratilishiga xizmat qiladigan barcha badiiy unsurlarning genezisi tarixiy poetika asosida o'rganiladi. Bunda nazariy jihatdan ijodkorning badiiy olami va mahorati tarixiy-adabiy jarayonga va davr ruhiga bog‘lab ochib beriladi.
Milliy adabiyotshunosligimizda ham ushbu yo'nalishda yangicha yondashuvlar, yangicha qarashlar o'rtaga chiqmoqda. Bu esa o'z navbatida milliy adabiyotimizdagi manbalarni tahlil qilishda mazkur yondashuvning naqadar muhimligini anglatadi.
Bugungi ma'ruzada ayni masalalarga alohida to'xtalib o'tildi. Seminarning yakuniy qismida savol-javoblar va fikr-mulohazalar qizg'in tus oldi.



