
Tarix, til va diplomatiya uyg‘unligi
2025-yil 29-may kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorjiya Meloni o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi rasmiy uchrashuv doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va madaniy aloqalarni mustahkamlovchi muhim voqea yuz berdi. Bosh vazir J. Meloni Prezident Sh.Mirziyoyevga “Marko Polo va O‘zbekiston: Asrlar boʻyi madaniy muloqot” nomli nodir kitobni tantanali tarzda topshirdi. Mazkur nashr mashhur italyan sayyohi Marko Poloning XIII asrda yozilgan “Il Milione” asarining Jovanni Battista Ramuziyo versiyasi asosida tayyorlangan bo‘lib, ilk bor zamonaviy o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bu nashrning kirish so'zi mualliflari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov , Venetsiyadagi Ka- Foscari universiteti rektori professor Titsiana Lippiello va Veneto viloyati rahbari Luka Zaia boʻldilar. Kitobga yozilgan kirish so‘zlari ushbu nashrning xalqaro, mintaqaviy va ilmiy ahamiyatini to‘liq ochib beradi. Har bir muallif o‘z nuqtayi nazaridan ushbu nashrning ilmiy, madaniy va diplomatik ahamiyatini yoritgan. Akademik Sh.Sirojiddinov kirish so‘zida bu tarjimaning O‘zbekistonva Italiya tarixidagi oʻziga xos hamkorlikning amaliy natijasi ekanini qayt etgan, uning milliy tilni xalqaro ilmiy-madaniy maydonga olib chiqishdagi rolini chuqur tahlil qildi.
Mazkur tarjima va uning ilmiy-uslubiy tahrir jarayonida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti yetakchi ilmiy va madaniy markaz sifatida faol ishtirok etdi. Universitet tarjimaning o‘zbek adabiy tilining me’yorlari, tarixiy-madaniy konteksti va uslubiy aniqligi jihatidan mukammal bo‘lishini ta’minlashda markaziy o‘rin tutdi. Tarjima va tahrir jarayonining ilmiy rahbari ToshDO'TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova va Ka-Foskari universiteti professori Elizabetta Raganinidir. Tahrir jarayonida yosh olimlar Ma’suma Obidjonova, Orifjon Olimjonov va Durdona Ermatova samarali faoliyat olib bordilar.
“Marko Polo va O‘zbekiston: Asrlar boʻyi madaniy muloqot” — bu oddiy tarjima emas, balki tarix, til va madaniyat orqali barpo etilgan xalqaro ko‘prikdir. Mazkur nashr Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining jahon ilmiy makonidagi faol va samarali ishtirokini, uning o‘zbek tilini global miqyosda targ‘ib qilishdagi o‘rni va mas’uliyatini yaqqol namoyon etadi.
Ushbu nashr Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti va Italiyaning Ka-Foskari universiteti tashabbusi bilan amalga oshirildi.