
“Talabalik bahori” festivali doirasida Milliy qadriyatlar sayli va Ota-onalar kongressi bo‘lib o‘tdi
2025-yil 16-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Talabalik bahori” festivali doirasida Milliy qadriyatlar sayli va Ota-onalar kongressi tashkil etildi.
Tadbir universitet mehmonlari va ishtirokchilarini kutib olish bilan boshlandi. Soat 10:00 da ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov kirish so‘zi bilan qatnashdi.
Dastur davomida talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ota-onalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, farzandlari hamda universitet jamoasiga minnatdorchilik izhor etdilar. Talabalar esa ota-onalarga atalgan samimiy tabriklar bilan sahnaga chiqishdi.
Shundan so‘ng yutuqlari bilan ajralib turgan talabalarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Festival doirasidagi turli tanlovlar baholab chiqildi, g‘oliblar aniqlandi.
So‘ngra milliy sport musobaqalari o‘tkazildi. Tadbir yakunida mehmonlar universitet infratuzilmasi — talabalar turar joylari, kutubxona va sport zallari bilan tanishtirildi.
Mazkur tadbir yoshlarda milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, ota-onalar bilan universitet o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qildi.