
Talabalarning an’anaviy anjumani boʻlib oʻtdi
Mamlakatimizda oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim vayuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan“Yosh filolog olimlar” jamiyati tashabbusi bilan har yili “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusida iqtidorli talabalar uchun ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish an’anaga aylangan.
Ushbu jamiyat universitet rektorining 2016-yilning 31-dekabrdagi 247-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 1500 ga yaqin talaba faoliyat olib bormoqda.
Mazkur jamiyat o‘z oldiga salohiyatli talabalarni ilm-fanga jalb qilish hamda jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash uchun qator maqsadlarni qo‘ygan. Jumladan, innovatsion loyihalar hamda yilda ikki marta tashkil etiladigan respublika va xalqaro konferensiyalar shular jumlasidandir.
2024-yil 30-noyabr kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Mazkur anjumanda yurtimizning ko’plab OTMlarining doktorant va mustaqil izlanuvchi, magistratura va bakalavriat talabalari ishtirok etishdi.
“Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida”mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni universitet rektori akademik Shuhrat Sirojiddinov tantanali ochib berdi hamda ishtirokchilarga ilm yo‘lida ulkan zafarlar tilab kelgusi faoliyatiga yuksak ishonch bildirdi. Konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni mamlakatlar va boshqa xorijiy universitetlarning talabalari ham o‘z ilmiy ishlari bilan ishtirok etishdi. Quvonarlisi shuki, konferensiya tahrir hay’atiga o‘zbektilshunosligi, adabiyotshunoslik muammolari, navoiyshunoslik, til va adabiyot o‘qitish metodikasi, tarjimashunoslik va amaliy filologiya muammolari kabi yo’nalishlarga oid 400 dan ortiq maqolalar kelib tushgan bo‘lib, ulardan konferensiya talablari asosida eng sara 310 ta maqola tanlab olindi.
Konferensiyaning yalpi majlisida yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘balar tashkil etilib, “Eng yaxshi ilmiy asoslangan maqola” hamda “Eng dolzarb mavzudagi maqola” nominatsiyalari bo‘yicha qizg‘in munozaralarasosida g‘oliblar aniqlandi. Ilmiy asoslangan maqola egalariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.