Talabalarni kutib olishga hozirlik ko'rilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 30-iyuldagi 269-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida maxsus ishchi guruh faoliyat olib bormoqda. Ishchi guruh a'zolari universitetga yaqin hududlardagi ijara xonadonlarining sharoitlarini o‘rganmoqdalar.
Universitetning yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektori G.Jo'rayeva tashkil etilgan ijara xonadonlarini ko‘zdan kechirib, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi va kerakli takliflarni bildirdi. Yakkasaroy tumanidagi "Rakatboshi", "Tepa" mahallari hududida joylashgan ellikka yaqin ijara xonadonlari va uy egalari bilan tanishgan vakillarimiz ijara narxlari va talabalar xavfsizligi ta'minlash borasida muhim vazifalarni belgilab oldilar. Universitetga biriktirilgan profilaktika katta inspektori tomonidan ijara xonadonlaridagi xavfsizlik masalasi chuqur tahlil qilinmoqda.
Manzilli chora-tadbirlar va o'rganishlar natijasida ijara xonadonlari bazasi shakllantiriladi va tez kunlarda universitet sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtiriladi.