
Talabalarimiz Turkiyaning ta’lim granti sohibi bo‘ldilar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Turkiyaning nomdor ta’lim muassasalari va unga aloqador tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatganidan xabardorsiz. Universitetimizda turk tili va madaniyati markazi ham faoliyat yuritadi hamda turkiyalik malakali ustozlar tomonidan talabalarimizga turk tilidan bepul darslar ham tashkil etilgan. Bunday sa’y-harakatlar, shubhasiz, o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmay qolmaydi. Zafarli yurishlarimiz tobora jadallashmoqda. Kuni kecha universitetimizning yana uch nafar bitiruvchisi Turkiyaning Hoji Bayram Vali universitetida, magistratura bosqichida ta’lim olish uchun grant sohibi bo‘ldilar. Kamola Nosirova, Gulobar Ulkanova va Abdurahmon Xudoyqulovning ushbu muvaffaqiyatidan biz ham quvondik. Mazkur grant dasturining afzalliklari, saralash jarayoni qanday tashkil etilganligi va muvaffaqiyatga erishish sirlari haqida biz omadli uch nafar bitiruvchilarimizdan biri Kamola Nosirova bilan suhbatlashdik.
Salom, Kamola. Avvalo, sizni ushbu kata zafar bilan tabriklaymiz. Quvonchingizga sherikmiz. Bizga ushbu ta’lim granti ta’sischilari va uning afzalliklari haqida gapirib bera olasizmi?
Katta rahmat. E’tiboringizdan boshim ko‘kka yetdi. Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi (Yurtdışı Türkler ve Akraba Topluluklar Başkanlığı) Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligiga qarashli tashkilot. Bu tashkilot o‘zining maxsus budjetiga ega. Boshqarma bir necha yildan buyon chet elda yashovchi turklar, qardosh xalqlar bilan birgalikda Turkiyada tahsil olayotgan xalqaro stipendiat talabalarga qaratilgan loyihalarni nazorat qilish va bu borada olib borilayotgan faoliyatni tashkil etish bilan shug’ullanadi. "Turkiya burslari" grant dasturiga ham ushbu tashkilot tomonidan asos solingan bo‘lib, bunda chet ellik talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda iqtidorli yoshlarni ijtimoiy-madaniy tadbirlarga jalb etish kabi maqsadlar bosh vazifa hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu dastur dunyoning eng mashhur grantlarining Top-20 taligiga kirgan bo‘lib, har yili jahonning deyarli har bir davlatidan bir nechta talabalar ushbu dasturga ariza topshirishadi.
Bu dasturda ishtirok etish uchun ma’lum talablar mavjudmi?
Men Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakultetining bakalavr bosqichini tugatgach magistratura bosqichini Turkiyada davom ettirish maqsadida fevral oyida "Turkiya Burslari-2022" dasturiga ariza topshirdim. Bunda men quyidagi hujjatlarni online ravishda topshirdim:
1. Maktab shahodatnomasi
2. Litsey diplomi
3. Universitet baholarining o‘rtalama hisobi(transkript)
4. 2 ta tavsiyanoma ( 1 ta universitetdan, 1 ta universitet tashqarisidan)
5. Oxirgi yillarda erishilgan yutuqlar sarhisobi(sertifikat, tashakkurnoma, diplom va hokozo).
Bundan tashqari talabadan ma'lum miqdorga asoslangan Niyat maktubi, magistrlik dissertatsiyasi haqida ma'lumot, izlanish olib bormoqchi bo‘lgan sohaning Turkiyadagi mavjud holati haqida qisqacha izoh so‘raladi.
Juda ajoyib. Sizning magistrlik dissertatsiyangiz qaysi sohaga oid va sinovlar qanday bosqichlarda o‘tkazildi?
Men O‘zbek tilini chet tili sifatida o‘qitishni baholash sohasida Turkiya namunasini o‘rganish va bu borada xalqaro izlanish olib borish maqsadida Turk tilini chet tili sifatida o‘qitish fakultetiga hujjat topshirdim va may oyida 2-bosqich, ya'ni suhbat bosqichiga o‘tganligim haqida javob oldim.
Suhbat bosqichi iyun oyida bo‘lib o‘tdi va bunda asosan talabaning psixologik holati, izlanish olib bormoqchi bo‘lgan sohasi haqida egallagan bilimlari, grand yutishdan asosiy maqsadi nima ekanligi, shuningdek, kelajakdagi maqsadlari haqida bir nechta savollar berildi.
Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganingiz qachon bildingiz?
Suhbat bosqichidan so‘ng avgustning birinchi yarmida grantga loyiq ko‘rilgan talabalar saralab olindi va javoblar ochiqlandi. Men "Turkiya Burslari-2022" grant dasturida Anqara Hoji Bayram Vali Universiteti Turk tilini chet tili sifatida o‘qitish fakultetining magistratura bosqichiga qabul qilindim. YTB ushbu dasturda g'olib bo‘lgan talabalarga juda keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Bu juda ajoyib. Aynan qanday imkoniyatlar beradi ushbu grant?
- har qanday bosqich talabasi to‘liq grant asosida tahsil oladi;
- barcha bosqich talabalari universitetda o‘qish davomida qaysi tilda ta'lim olishidan qat'i nazar 1 yillik majburiy turk tili kursiga joylashtiriladi(C1 darajadagi sertifikati borlar bundan mustasno)
- barcha talabalar tibbiy sug'urtalanadi va barcha xarajatlar tashkilot tomonidan to‘lanadi;
- barcha talabalar bepul turar joylar bilan ta'minlanadi ( bunda nonushta va kechgi ovqat ham nazarda tutiladi)
- grant sohibiga birinchi marta borish va o‘qish tugagandan keyin qaytish chiptasi olib beriladi;
- barcha bosqich talabalariga oylik stipendiyalar beriladi.
Kamola, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Sizga kelajakda faqat va faqat zafarlar hamroh bo‘lsin. O‘zbek tilini jahonga targ’ib etishda kamarbasta bo‘lishingizga ishonamiz.