Yangiliklar

img
Fri, 07/25/2025 - 14:16

Talabalarimiz ko'hna Xivada

O‘zbekistonning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish, talabalarda tarixiy qadriyatlarimizga bo‘lgan mehr va g‘ururni oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining bir guruh talabalari Xorazm viloyatining qadimiy Xiva shahriga sayohat uyushtirdilar.
Mazkur tashrif ichki turizmni rivojlantirish, yoshlarning tarixiy obidalar, milliy merosimiz va ajdodlarimiz qoldirgan bebaho yodgorliklarga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Sayohat davomida talabalar Xiva shahrining markazida joylashgan va YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan "Ichan qal’a" majmuasida bo‘lib, Ko‘hna Ark, Muhammad Aminxon madrasasi, Kalta Minor, Toshhovli saroyi, Pahlavon Mahmud maqbarasi kabi tarixiy yodgorliklarni ziyorat qildilar.

 

Talabalar tajribali gidlar hamrohligida ushbu obidalar tarixi, ularning me’moriy xususiyatlari, Xorazm madaniyati va san’ati haqida boy ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Sayohat davomida nafaqat tarixiy bilimlar boyitildi, balki talabalar o‘zaro muloqotda bo‘lib, jamoaviylik, vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini chuqur his qilishdi.

 

Ushbu tashrif Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUning yosh avlodni tarbiyalash, ularni milliy qadriyatlar asosida shakllantirish yo‘lidagi amaliy ishlari samarasi bo‘lib xizmat qildi.