
Talabalarimiz gʻoliblar safida
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari yurtimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiluvchi “Ma’rifat maydoni – 2025” respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni egalladilar.
Universitetimiz doimo o‘z talabalarini adabiy merosni chuqur o‘rganishga, badiiy tafakkurni rivojlantirishga undaydi. Ana shu sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, universitet jamoasi tanlovda “Adiblar hayoti”, “Tezkor savol-javob” hamda “Adiblar hayoti va ijodidan sahnalashtirilgan kompozitsiya” kabi uch asosiy yo‘nalishda o‘z bilim va mahoratini namoyon etdi.
Mazkur tanlov 2025-yil iyun oyida Xorazm viloyatining Urganch shahrida, Urganch davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali mezbonligida ikki kun davomida o‘tkazildi. Bellashuvlar jarayonida ishtirokchi jamoalarning chiqishlari o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Hakamlar safida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti Sadikov Ilhom Yaqubovich, katta o‘qituvchi O‘tayev Asliddin Sultonmuradovich, Nukus filiali dotsentlari Nazarimbetov Bozorboy Matchanovich va Zamatdinov Odilbek Mirzayevich, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Boltaboy Bekmetovlar ishtirok etdilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Qarshi xalqaro universiteti jamoalari birinchi o‘ringa, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Samarqand davlat universitetining Urgut filiali jamoalari ikkinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Uchinchi o‘rinni Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti jamoalari egalladi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Namangan davlat pedagogika instituti to‘rtinchi, Termiz davlat pedagogika instituti esa beshinchi o‘rinni egalladi.
Vazirlik tomonidan tanlov g‘oliblari I, II, III darajali diplomlar hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. 1-o‘rin uchun 40 million so‘m, 2-o‘rin uchun 25 million so‘m, 3-o‘rin uchun 20 million so‘m, 4-o‘rin uchun 10 million so‘m, 5-o‘rin uchun esa 5 million so‘m mukofot belgilangan.
Universitetimiz jamoasi bu yutuqni yoshlar tarbiyasi, ma’rifat targ‘iboti va adabiy tafakkurni rivojlantirish yo‘lidagi uzviy ishlarning samarasidir, deb hisoblaydi. Talabalarimizni ushbu g‘alaba bilan tabriklab, ularga kelgusi ijodiy va ilmiy faoliyatlarida yanada katta zafarlar tilaymiz.