
Talabalarimiz Bosfor universitetida
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Turkiyaning Bosfor universiteti o‘rtasida 2021-yilning dekabr oyida hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi haqida xabar bergan edik.
Hamkorlik memorandumida bir qator maqsadli loyihalar ko‘zda tutilgan bo‘lib, shulardan biri talabalarning akademik almashinuvidir. Akademik almashinuv doirasida bir necha kun oldin universitetimiz o‘n ikki nafar talabasi Bosfor universitetiga jo‘nab ketdi. Shuni alohida qayd etish joizki, Bosfor universiteti THE (The Higher Education) reyting agentligi versiyasiga ko‘ra jahonning nufuzli 600 ta muassasalaridan biri sanaladi.
Xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan e'tirof etilgan, reytingi yuqori mazkur universitetda bevosita ta'lim jarayonlarini kuzatish, dars mashg‘ulotlarida ishtirok etish, u yerdagi talabalar hayoti bilan tanishish bizning universitetimiz yoshlari uchun ham katta tajriba bo‘ladi. Akademik almashinuvga jalb etilgan talabalar ToshDO‘TAUning to‘rtta fakulteti bakalavr va magistratura bosqichidan saralab olingan.
Ular ikki hafta mobaynida Bosfor universitetining ilmiy, ta'limiy bazasidan foydalanishlari, dars mashg‘ulotlarida qatnashishlari mumkin. Bunday imkoniyat talabalarimiz uchun juda muhim ahamiyatga ega. Universitetimiz rahbariyatining bunday ijobiy tashabbusi har ikki davlat ta'lim muassasalari jamoasi uchun birdek manfaatli bo‘lishi shubhasiz