
Talabalarga grantlarni qayta taqsimlash tartibi tasdiqlandi
Hukumatning tegishli qarori (№149, 10.03.2025) bilan oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi belgilandi.
2025-yil 25-martdagi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligining 117-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2024–2025 o‘quv yili uchun ajratilgan ta’lim grantlari 50/50 nisbatda taqsimlandi.Universitet ma’lumotiga ko‘ra, joriy o‘quv yilida jami 267 ta ta’lim granti ajratilgan bo‘lib, ularning 50 foizi to‘liq ta’lim grantlari, qolgan 50 foizi esa to‘liq bo‘lmagan ta’lim grantlari sifatida belgilangan.
Asosiy talablar:
• GPA kamida 3.5 bo‘lishi shart. Ushbu ko‘rsatkichdan past bo‘lgan talabalar grantlarni qayta taqsimlash jarayonida ishtirok eta olmaydi.
• Onlayn ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Talabgorlar oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-sayti orqali hujjatlarini topshirishlari lozim.
• Baholash tizimi:
• Akademik o‘zlashtirish 80 ballik mezon asosida baholanadi (GPA × 16).
• Ijtimoiy faollik 20 ballik mezon asosida hisoblanadi (hisoblangan natija / 5).
• Natijalar ustuvorligi:
• Agar ikki yoki undan ortiq talabgor bir xil natija ko‘rsatsa, akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan talabgorga ustuvorlik beriladi.
• Agar o‘zlashtirish natijalari teng bo‘lsa, mutaxassislik fanlari bo‘yicha qo‘shimcha test sinovlari o‘tkaziladi.
Grant oluvchilar ro‘yxati har yili 25-avgustgacha oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.