Talabalar uchun madaniy tashrif
Yangi o‘quv yilining ilk kunlarida 1-kurs hamda boshqa bosqich talabalari uchun bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, ularning ma’naviy dunyosini boyitish maqsadida “Ko‘chki” nomli teatr tomoshasiga tashrif uyushtirildi. Mazkur tashrifda universitetning Ma’naviy ishlar bo‘yicha 1-prorektori Gulnoza Jo‘rayeva ham talabalar bilan birga ishtirok etdi. Birgalikdagi madaniy hordiq talabalar uchun samimiy va ko‘tarinki muhit yaratdi.
“Ko‘chki” spektakli orqali talabalar hayotiy voqealar, insoniy munosabatlar va jamiyatdagi turli masalalar haqida mushohada yuritish imkoniga ega bo‘ldilar. Teatr san’ati orqali berilgan mazmun va g‘oyalar yoshlarning fikrlash doirasini kengaytirishga xizmat qildi.
Bunday madaniy tadbirlar yoshlarning estetik didini shakllantirish, san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularning ma’naviy-axloqiy qarashlarini boyitishda muhim ahamiyatga ega. Teatr tomoshasi talabalarga o‘ziga xos ma’naviy ozuqa bag‘ishladi.
Universitetda talabalarning nafaqat ta’lim olishi, balki ularning har tomonlama barkamol shaxs sifatida shakllanishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu kabi madaniy-ma’rifiy tashriflar talabalar hayotini mazmunli tashkil etish va ularning ma’naviy kamolotini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.



