
Talabalar konferensiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelayotgan talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasi yana bir bor yosh izlanuvchilarni bir maydonga jamladi. Universitet tashkil topganidan beri muntazam tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ushbu anjuman yiliga ikki marta — respublika va xalqaro darajada — o‘tkazilib, talabalarni ilm-fanga yo‘naltirishda muhim rol o‘ynaydi.
2025-yil 30-aprel kuni “Yosh olimlar jamiyati” tashabbusi bilan navbatdagi konferensiya “Til, adabiyot, jamiyat va ong: fanlararo tadqiqotlar yo‘lidagi ilk odimlar” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Anjuman zamonaviy fan taraqqiyoti talablariga mos holda ko‘p yo‘nalishli izlanishlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, yoshlarni mustaqil ilmiy faoliyatga jalb etish, tanqidiy va innovatsion fikrlashni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Konferentsiyada Rossiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Qozogʼiston, Turkiya, Qirgʼiziston, Tojikiston kabi davlatlarning 15 ta yetakchi universitetlaridan qatnashchilar oʼz ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdi. Konferentsiyada S. Аyniy nomidagi Panjikent davlat pedagogika universiteti, B.Gʼofurov nomidagi Xoʼjand davlat universiteti talabalari va tadqiqotchilari ham masofaviy tarzda ishtirok etdilar.
Konferensiyaning yalpi majlisida universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov so‘zga chiqib, talabalar olib borayotgan izlanishlar nafaqat ularning ilmiy yo‘nalishda ilk qadamlar qo‘yishiga, balki jamiyatning ijtimoiy-madaniy taraqqiyotiga ham hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova esa konferensiya mavzusi hozirgi ilm-fandagi dolzarb muammolarni qamrab olganini aytib, til, adabiyot, jamiyat va ong o‘rtasidagi murakkab aloqalarni chuqur tahlil qilish imkoniyati yaratilganini alohida qayd etdi. U, shuningdek, fanlararo izlanishlarning bugungi ilmiy jarayondagi o‘rniga to‘xtalib, bunday maydonlarda talabalar ishtirokining ularning kelgusi faoliyatida muhim poydevor bo‘lishini ta’kidladi.
Konferensiyada respublika oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari ishtirok etdi. Joriy yilda taqdim etilgan 300 ga yaqin maqola ilmiy izlanishlarning faolligi va mavzuning dolzarbligidan dalolat beradi.
Tadbir doirasida Tilshunoslik, Adabiyotshunoslik, Tarjimashunoslik, O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi, Amaliy filologiya, Sotsiologiya va amaliy psixologiya yo‘nalishlarida sho‘balar faoliyat olib bordi. Unda talaba-tadqiqotchilar o‘z maqolalarini taqdim etib, ilmiy-nazariy asoslarni yoritdi, mavjud yondashuvlar bilan qiyosiy tahlillar olib bordi va dalillar asosida fikrlarini himoya qilishda faollik ko‘rsatdi.
Anjuman yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, “Eng dolzarb mavzudagi tadqiqot”, “Eng yaxshi ilmiy yondashuv” va “Iste’dodli yosh tadqiqotchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ilg‘or ishtirokchilar faxriy diplomlar bilan taqdirlandi.
Qirg'iziston yo'l xaritasini yopayotgan edik. Konferensiyada Oʼsh gumanitar pedagogika universiteti, Batkent davlat universiteti talabalari va tadqiqotchilari ham masofaviy tarzda ishtirok etdilar.
“Til, adabiyot, jamiyat va ong: fanlararo tadqiqotlar yo‘lidagi ilk odimlar” mavzusidagi ushbu konferensiya yoshlarning ilm-fan sari dadil qadam tashlashiga, ilmiy tajriba orttirishiga hamda zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar bilan yaqindan tanishishiga xizmat qiluvchi muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.