
Talabalar bilan sportchi-chempionlarning uchrashuvi
2023- yil 3- noyabr kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Aralash janglar san’ati bo‘yicha chempionlar, professional jangchilar va universitet talabalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Aralash janglar san’ati assotsiatsiyasining bosh hakami, xalqaro toifadagi hakam Otabek Musayev, Aralash janglar san’ati bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining bosh murabbiysi, “Fight baza by Khudyakov” sport klubining asoschisi va direktori Dmitriy Xudyakov, Aralash janglar san’ati bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Azamat Nuftullayev, Aralash janglar san’ati bo‘yicha professional jangchilar, bir necha marta jahon, Osiyo, O‘zbekiston chempionlari – Doston Bozorov, Ma’rufjon Mamarazikov, Hilola Sobirova, Umida Abdullayeva, Mushtariy Xodjimuhamedovalar qatnashishdi. Chempionlar va ularning murabbiylari talabalarga sport bilan shug‘ullanishning afzalliklari hamda mashaqqatlari, chempion bo‘lish sirlari, oilasi, bolaligi, qanday mehnatlar evaziga shunday yutuqlarga erisha olganliklari haqida so‘zlab berishdi. Talabalarda, ayniqsa, sportchi-qizlarning chiqishi katta taassurot qoldirdi. Sportchilarning hayotning o‘zi kurashlardan iborat ekanligi, bu kurashlarda yengib chiqish uchun metin iroda, aniq maqsad, xohish-istak bo‘lishi zarurligi, ota-onaga, murabbiyga nisbatan hurmat, mehr-muhabbat ko‘rsatish kerakligi haqidagi motivatsion nutqlari talabalarning qalbiga kirib bordi. Mehmonlar talabalarning savollariga juda qiziqarli va batafsil javoblarni berishdi.
Uchrashuv so‘nggida Dmitriy Xudyakov talabalarni “Fight baza by Khudyakov” sport klubiga taklif qildi. Shuningdek, chempionlar bilan universitet sport majmuasida amaliy uchrashuv – mashg‘ulotlarni o‘tkazishga kelishib olindi.