
Talabalar bilan profilaktik suhbat o'tkazildi
Yuksak huquqiy madaniyat demokratik jamiyat poydevori hamda huquqiy tizim yetukligining ifodasidir. Shu bois talaba-yoshlarning huquqiy bilimlarini kengaytirish, ularni yuksak huquqiy madaniyatga ega bo'lishlarini ta'minlash juda dolzarb sanaladi. Bu borada ta'lim muassasalari bilan huquq-tartibot organlari hamkorligini mustahkam asosdir. Joriy yilning 22-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti va Yakkasaroy tuman sudi bilan hamkorlikda talabalar va universitetga biriktirilgan bir guruh yoshlar uchun "Huquqiy madaniyat hamda jinoyat huquqi. Jinoyatchilikni oldini olish“ mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda Yakkasaroy tuman sudi sudyasi Farxod Аbdushukurov, Yakkasaroy tuman prokurorining katta yordamchisi Sevara Saidjonovalar ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida yoshlar orasida keng tarqalgan ko'plab holatlarga huquqiy baho berish, bilib yo bilmay jinoiy harakatlarni sodir etmaslik bo'yicha tushuntirishlar berildi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga soha mutaxassislari atroflicha javob berdilar. Bugungi kunda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, jinoyatlarning aksari aynan huquqiy savodsizlik natijasida ro'y berayotgani qayd etildi. "Qonunni bilmaslik jazodan soqit qilmaydi", deya ta'kidladi huquq himoyachilari. Shuning uchun har bir shaxs o'z huquq va burchlarini anglagan holda xatti-harakatlarini nazorat qilishi, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzmasligi aytildi. Bundan tashqari universitet korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo'limi boshlig'i Abdug'ani Nasriddinov talabalarga korrupsion holatlarni oldini olish bo'yicha masalahatlar berdi.
Tadbir davomida universitet rahbariyatiga biriktirilgan davlatning alohida ko'magiga muhtoj yoshlardan bir guruhiga moddiy yordam ko'rsatildi. Ularning o'z kelajagini qurishlari, ta'lim olishlari uchun ko'mak berishga universitet jamoasi hamisha tayyorligi ta'kidlandi.