
Talabalar amaliyotida innovatsion yondashuvlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-73-son Farmoni talablari ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida pedagogik amaliyotni samarali tashkil etish yo‘lida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayon doirasida universitet Talabalar amaliyoti bo‘limi rahbari Sh. Xalilov hamda bo‘lim xodimlari 2025-yil 12-sentyabr kuni Yangihayot tumanidagi 330- va 331-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lishdi. Uchrashuv davomida ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, talabalar malakasini oshirish hamda pedagogik amaliyotni yanada samarali tashkil etish yuzasidan keng fikr almashildi. Muloqotda ta’lim sifatini oshirish, talabalarning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash, shuningdek, amaliyot jarayonida innovatsion pedagogik metodlarni tatbiq etish masalalari ham muhokama qilindi. Shu bilan birga, 3–4-bosqich talabalari uchun “4+2” modeli — ya’ni haftaning 4 kunida universitetda, 2 kunida esa ta’lim muassasalarida amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish tizimini joriy etishning afzalliklari haqida batafsil so‘z yuritildi. Mazkur yangi yondashuv talabalarga nafaqat nazariy bilimlarni puxta o‘zlashtirish, balki amaliy faoliyatda qo‘llash imkonini beradi. Bu esa bo‘lajak o‘qituvchilarning professional kompetensiyasini kuchaytirib, ularni ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritishga tayyorlaydi. Shu tariqa, pedagogik amaliyotda yangi modelni qo‘llash orqali ta’lim jarayoni va amaliyot o‘rtasidagi uzviylik yanada mustahkamlanadi, talabalarning o‘z kasbiga bo‘lgan qiziqishi va mas’uliyati oshadi.