Yangiliklar

img
Sat, 02/12/2022 - 11:40

Tajribali afg‘on muallimi universitetimizda ish boshladi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida afg'onistonlik tajribali mutaxassis Azizulloh Orol ish faoliyatini boshladi. Mutaxassis oʻzbek, fors (tojik, dariy), ingliz, rus, nemis, turk va pushtu, arab tillarini biladi. Asosiy ijod tili oʻzbek va dariy, fors tillaridir. Uning “Oʻzbek tili alifbosi”, “Dariy-ingliz-oʻzbek soʻzlashgich”, “Sogʻinch”, “Gʻazna nigini”, “Pochoxon”, “Oʻzbekcha, inglizcha, turkcha, forscha, pashtucha iboralar kitobi” nomli kitoblari chop etilgan. 
Mutaxassis 1987-88- yillarda Qobul universitetining til va adabiyot fakulteti oʻzbek tili va adabiyoti boʻlimida ishladi. Soʻngra uch yil Oʻrta Osiyo tadqiqot markazida tadqiqotchi muharrir vazifasini bajardi. 1990-yildan boshlab turli ichki va tashqi matbuot (media)larda muxbir, muharrir va rahbar vazifalarida ishladi. Shuningdek, u 2008-2009- yillarda Maorif vazirligining maktab oʻquvchilar uchun darslik kitoblari tayyorlash idorasida oʻzbek sinflarga ona tili darslik kitoblarini yozish vazifasini bajardi. 2010-2016-yillarda Afgʻoniston radio-televideniyesiga rahbarlik qildi. Bundan tashqari, Ustoz Azizulloh Amerikaning "Silk Road foundation" tashkiloti direktori, "Amerika ovozi" tahririyati mustaqil muxbiri, qolaversa,  Afg'oniston ta'lim vaziri maslahatchisi sifatida ham faoliyat yuritgan. 
Azizulloh Orol universitetimizning Amaliy filologiya fakultetidagi “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik” kafedrasida “Eski o‘zbek tili va yozuvi” hamda “Sharq tillari va eski o‘zbek tili” fanlaridan dars mashg‘ulotlari olib bormoqda.