Tadqiqotchimiz xalqaro kongressda ishtirok etdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Qiyosiy adabiyotshunoslik va jahon adabiyoti kafedrasi tayanch doktoranti Dilnavoz Najimova 39 - IBBY Butunjahon Kongressida ishtirok etdi.
Joriy yil 30 avgust – 1 sentyabr kunlari Bolalar va oʼsmirlar adabiyoti Xalqaro Kengashi – IBBY (International Board on Books for Young People) tomonidan Italiyaning Triest shahrida 39-IBBY Butunjahon Kongressi oʻtkazildi.
Bu yilgi Kongressning mavzusi “Har bir bolaga yaxshi kitoblar beraylik” deb nomlanadi. Kongressdan koʼzlangan maqsad – barcha ishtirokchilar uchun bolalar adabiyoti yoʼnalishida yangi bilimlar taqdim etish, kasbiy barkamollikka erishishga koʼmaklashish, yangi loyihalar va ilgʼor tajribalar bilan boʼlishish, oʻzaro aloqalar oʼrnatish va mustahkamlash, barcha bolalarning yaxshi kitob oʼqish huquqiga ega boʼlishini taʼminlash boʼyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishdan iborat.
Tadbirda Yevropa va Osiyolik mutaxassislar, ekspertlar hamda Hans Kristian Аndersen xalqaro mukofoti sovrindorlari ishtirokida bolalar adabiyotining global va dolzarb muammolari, ularning yechimlari, shuningdek, kitob oʼqishini kuchaytirish, bolalar adabiyotini rivojlantirish, bolalar adabiyotiga oid ilmiy jurnallarda maqola chop etish, bolalar nashrlari sifayini yaxshilash, nashriyotlar faoliyatini kuchaytirish kabi mavzularda seminarlar va loyiha taqdimotlari boʼlib oʼtdi.
Mazkur xalqaro Kongressda Dilnavoz Najimova IBBYning Oʼzbekiston Respublikasidagi Milliy shoʻbasi vakili sifatida ishtirok etdi.