Tadqiqotchilar uchun xorijlik olimdan maxsus ma'ruza
Erasmus+ dasturi doirasida Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAUda bo'lib turgan Italiyaning Ka Foskari universiteti professori Elizabet Raganin 26-iyun kuni rektor Shuhrat Sirojiddinov bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida juda boy tarixga va madaniyatga ega O'zbekistonning qadimiy shahar-qishloqlariga ekspeditsiyalar tashkil etish, o'zbek tilining shevalarini tadqiq etish, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan turkiy xalqlar, xususan, o'zbek xalqi tarixiga oid qo'lyozmalarni o'rganish masalalari muhokama qilindi. Raganin xonim akademik Shuhrat Sirojiddinov bilan muloqot davomida o'zbek tilini o'rgana boshlaganini va universitetdagi ilmiy muhit unga g'oyat ma'qul kelganini qayd etdi. Kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo'lgan ishlar o'zaro muhokama qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida taniqli turkolog olima universitetimiz tadqiqotchilari uchun maxsus ma'ruza mashg'uloti o'tkazdi. Ma'ruzada sharq matnlari bilan ishlash, turkologiya sohasining Yevropadagi rivoji, tillar tarixiga oid izlanishlarning ahamiyati, zamoanviy tendensiyalar asosida tillarni o'rganish masalalariga to'xtalib o'tildi. Yosh tadqiqotchilarning savollariga olima batafsil javob berdi. Sharq xalqlari, jumladan, O'zbekistonning tarixiga doir noxolis qarashlarni yo'q qilish, aniq argumentlar va dalillar orqali tarixiy xatoliklarni rad etish zarurati Raganin ma'ruzasida alohida qayd etildi. Bugungi ilmiy ma'ruza barcha tadqiqotchilar uchun juda foydali va manfaatli bo'ldi.