
Tadqiqotchilar uchun malakaviy imtihonlar o‘tkazildi
Oliy attestatsiya komissiyasining Nizomi va OAK Rayosatining qarorlariga asosan tashkil etilgan malakaviy imtihonlar tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilardan chuqur bilim va tajribani talab qiladi. Joriy yil 13-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bir nechta ixtisosliklar bo‘yicha tadqiqotchilar uchun malakaviy imtihonlar bo‘lib o‘tdi.
10.00.01 – O‘zbek tili, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik, 10.00.11 – Til nazariyasi, amaliy va kompyuter lingvistikasi, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, hamda 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (o‘zbek tili va o‘zbek adabiyoti) kabi ixtisosliklar bo‘yicha 50 dan ortiq tadqiqotchilar mutaxassislik fanlaridan bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Imtihon davomida tadqiqotchilar ilmiy izlanishlari, tadqiq etayotgan ilmiy muammolarning dolzarbligi, tanlagan tadqiqot usullari va ularning samaradorligi, shuningdek, olingan natijalar haqidagi komissiya savollariga javob berish orqali tadqiqotchilik ko‘nikmalarini namoyon qildilar.
Imtihon natijalari tadqiqotchilarning bilim va ko‘nikmalari asosida universitetning yetakchi olimlari tashkil etgan nufuzli komissiya tomonidan baholandi.