Yangiliklar

img
Wed, 05/21/2025 - 17:37

“Suyumbika” tarixiy romani taqdimoti o‘tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yozuvchi Risolat Haydarovaning yangi “Suyumbika” tarixiy romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda taniqli ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar hamda talaba-yoshlar qatnashdi.
“Suyumbika” XVI asrning murakkab ijtimoiy-siyosiy hayotini yoritadi. Asarda Qozon xonligini boshqargan, iqtisodiy islohotlar o‘tkazgan va o‘z xalqi erki uchun kurashgan jasur malika Suyumbikaning obrazi markazga chiqarilgan. Romanning bosh g‘oyasi — erk, ozodlik va yurt mustaqilligi uchun kurash, xalq tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida fidokorlik ko‘rsatgan ayol siymosini ulug‘lashdir.
Roman O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr kengashida muhokama qilinib, ijobiy baholanib, nashrga tavsiya etilgan. Shu bois uni zamonaviy o‘zbek nasrida deyarli yoritilmagan yangi mavzuga bag‘ishlangan asar sifatida baholash mumkin. Muhammad Alining “Kleopatra”, Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif” romanlari, Baxtiyor Abdug‘afurning “Kibr minorasi” qissasi singari, “Suyumbika” ham mustaqillik davri nasrida jahon tarixi mavzulariga murojaat qilish an’anasini davom ettiradi.

  

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar — O‘zbekiston xalq yozuvchilari Muhammad Ali, adabiyotshunoslar Abdulla Ulug‘ov, Islomjon Yoqubov, Adhambek Alimbekov, Bahodir Karim, Umida Rasulova, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf va boshqalar — roman turkiy xalqlar tarixining yorqin vakilasi bo‘lgan Suyumbika tarixiy fenomenini monumental badiiy timsol darajasiga ko‘targanini ta’kidlashdi. Ular asarda ayol go‘zalligi, vatanparvarlik, fidoyilik singari yuksak g‘oyalar teran ifodalanganini qayd etdilar.

   

Yozuvchi Risolat Haydarova — “Mag‘rura”, “Karantin” qissalari, “Javzo” tarixiy romani, “G‘urg‘urtepadagi saraton” hikoyalar turkumi va “Sebzor” nasriy to‘plami muallifi. U, shuningdek, Ivan Bunin, Aleksandr Soljenitsin, Ivo Andrich, Galina Dolgaya, Vladimir Korotkevich kabi Nobel mukofoti sovrindorlari va sharqiy yevropalik yozuvchilarning ko‘plab asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2021-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan ijodkorning yangi romanini adabiyot ahli o‘zbek nasrida tarixiy mavzularga yangicha nigoh bilan yondashgan asar sifatida e’tirof etmoqda.