Yangiliklar

img
Fri, 11/28/2025 - 12:45

Sud lingvistik ekspertizasi bo'yicha muhim seminar

2025-yil 26 va 27-noyabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida  hamkor tashkilotlar bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Toshkent davlat transport universitetidan sud eksperti sifatida jalb qilinadigan xodimlar uchun o‘quv seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tadbir Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi ekspertlari va Sud ekspertlik ilmiy tadqiqot instituti xodimlari tomonidan tashkil etildi. Ushbu seminar universitetimizda sud-tilshunoslik yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy-uslubiy ishlarni yanada boyitdi va soha mutaxassislari uchun muhim amaliy maydon bo‘lib xizmat qildi.

Seminar mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi 270-sonli qarorida tasdiqlangan 2025, 2026 va 2027-yillarda sud ekspertlik faoliyatini rivojlantirish hamda raqamlashtirish dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratildi. Mazkur dasturda sud eksperti sifatida jalb qilingan xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, tadqiqotlarda qo‘llaniladigan metodlarni takomillashtirish va ilmiy uslubiy ko‘mak berish kabi ustuvor vazifalar belgilangan. Universitetimizda o‘tkazilgan seminar ushbu maqsadlar bilan uyg‘un holda tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga sud ekspertizasi o‘tkazishning huquqiy asoslari, ekspertiza turlari va ularning tartib taomillari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Sud ekspertlik faoliyatida uchraydigan eng muhim masalalar, xulosa tayyorlash va rasmiylashtirish, hujjatlar bilan ishlash, ilmiy-uslubiy talablarni to‘g‘ri qo‘llash kabi jihatlar bo‘yicha muhokamalar olib borildi. Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida ekspertiza namunalarining real misollar asosida ko‘rib chiqilishi ishtirokchilarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

 

Tadbir davomida ekspertlar tomonidan sud ekspertizasida foydalaniladigan zamonaviy adabiyotlar, ilmiy manbalar va metodik qo‘llanmalar tanishtirildi. Ishtirokchilarga “Zamonaviy sud ekspertizasining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish” nomli amaliy qo‘llanmaning elektron nusxasi taqdim etildi. Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan ekspert sifatida jalb qilingan xodimlarning fikr va mulohazalarini o‘rganish maqsadida ishlab chiqilgan onlayn anonim so‘rovnomada ishtirok etish uchun elektron havola berildi.

 

Seminar yakunida ishtirokchilarning savollariga batafsil javoblar berildi. Sud ekspertizasi jarayonida uchraydigan amaliy muammolar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan izohlar va tavsiyalar berildi. Tadbirning ToshDO‘TAUda o‘tkazilgani universitetimizning ilmiy amaliy salohiyatini namoyish etib, sud tilshunosligi va lingvistik ekspertiza yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamladi.