So'z sehriga oshufta dillar
Filolog talabalar nazariy bilimlarni chuqur egallashi barobarida, badiiy so‘zni nozik his etishi, yoshlarning ijodiy tafakkuri o‘sishi uchun benihoya zarur bo‘lgan bugungi adabiy jarayon bilan yaqindan tanishmoqlari kerak. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili ta’lim fakulteti “Nihol” to’garagi faoliyatida ana shu ezgu maqsadni amalga oshirish asosiy maqsad sanaladi.
2022-yil 14-dekabr kuni to‘garak a’zolari bilan taniqli shoira, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiy targ’ibot va tadbirlarni uyushtirish bo‘limi boshlig’i, “Shuhrat” medali sohibi Farog’at Xudoyqulova va Yoshlar teleradiokompaniyasi suxandoni, “Shuhrat” medali sohibi Vahobiddin Ziyo bilan “So‘z sehri” nomli ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Ijodiy uchrashuv qizg‘in ruhda, o‘zaro jonli muloqot shaklida o‘tdi. Uchrashuv mehmonlari so‘z va she’r sehri, shoir mas’uliyati, ijodiy tafakkur sirlari haqidagi qiziqarli fikrlarini bildirdilar. Bugungi adabiy jarayonda yoshlarning o‘rni masalasiga alohida diqqat qaratdilar. Farog‘at Xudoyqulovaning samimiy suhbati, badiiy jihatdan yuksak she’rlari talabalarda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Talabalar shoiraning ijodidan parchalar yod aytishdi, tahlil qilishdi. Savol-javoblar qizg‘in bahs-munozaraga ulanib ketdi. Shoira Farog’at Xudoyqulova “Oq xatlar”, “Muhabbatga ko‘m dilni…”, “Qoyatoshim” kitoblarini fakultet kutubxonasiga taqdim etdi.
Vahobiddin Ziyo talabalarga qarata: “Аvvalambor inson oldiga katta maqsadlar qo‘yishi va unga erishish yo‘lida ko‘plab mehnat qilish zarurligi”ni ta’kidladi va Farida Afro‘z so‘zi bilan “Bugunni ertaga topib bo‘larmu?” qo‘shig’ini jonli ijroda kuylab berdi.


