“Sotsiolingvistika” fanidan seminar-bellashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 26-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari — professor Z. Xolmanova va dotsent M. Shamsiyeva tashabbusi bilan “Sotsiolingvistika” fanidan bellashuv-seminar tashkil etildi. Tadbir Filologiya va tillarni oʻqitish (oʻzbek tili) tamlim yoʻnalishi 301, 303 va 306-guruhi talabalari o‘rtasida bellashuv shaklida o‘tkazildi.
Seminar 4 shart asosida olib borildi: “Terminlar zanjiri”, “Savol-javob”, “Tadqiqot namoyishi” hamda tilning muammoli masalalariga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi. Bellashuv jarayoni qizg‘in va raqobat ruhida o‘tdi. Talabalar faol ishtiroki, ijodiy yondashuvi hamda ilmiy mavzularni chuqur o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishi tadbirning asosiy yutug‘i bo‘ldi.
Tadbir yakunida hakamlar hay’ati tomonidan g‘olib jamoalar aniqlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bellashuv-seminarning bu ko‘rinishi talabalarda fanga oid bilimlarni mustahkamlash, o‘z-o‘zini baholash, tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, omma oldida nutq so‘zlash va taqdimot qilish madaniyatini shakllantirishga xizmat qildi.

Mazkur bellashuv-seminar professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun mazmunli hamda esda qolarli tadbir bo‘lib, ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.


