Sifatli ta'lim - kuchli jamiyat
29-avgust kuni Jizzax viloyatidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida Agentlik tizimidagi ijod maktablarida faoliyat yuritayotgan rahbar va pedagog xodimlar uchun Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tomonidan "Sifatli ta'lim - kuchli jamiyat" mavzusida o‘quv-trening tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi, pedagoglarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, yangi o‘quv yilida o‘quv jarayonlarini sifatli tashkil etish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish hamda takomillashtirilgan mahalliy fan dasturlari va qo‘llanmalaridan samarali foydalanishini ta’minlashdan iboratdir.

O‘quv-treningda Ijod maktabi o‘quvchilari uchun nashr etilgan yangi darslik mohiyati, mezonlarga asoslangan baholash, milliy sertifikatga o‘quvchilarni tayyorlash, til ko‘nikmalarini rivojlantirish, loyiha ishlari orqali o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish – amaliyotdan nazariyaga kabi mavzular yuzasidan mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar qilindi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti Ona tili ta'limi kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori K.Mavlonova ijod maktablarining 7-sinfi uchun hammualliflikda tayyorlangan "Ona tili" darsligi yuzasidan taqdimot qildi, shuningdek, seminar ishtirokchilarini 10-sinf "Adabiyot" darsligi bilan ham qisqacha tanishtirib o'tdi.

O'qituvchilarning darsliklar, o'qitish metodikasi, ta'lim jarayonida o'zlari uchun zarur bo'lgan o'quv qo'llanmalar yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Kerakli tavsiyalar berildi.


