
Shonli tarix — muqaddas
Xotira — bu inson qalbiga xos eng ulug‘ va muqaddas tuyg‘u. Bu — o‘tmishga yurak orqali boqish, jasorat va fidokorlikni unutmaslikdir. Aynan shu ruhda, 2025-yil 9-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida “Shonli tarix — muqaddas” nomli xotira tadbiri o‘tkazildi.
Dastur erta tongda ustoz va talabalar uchun shon-sharaf tasmalarini taqish bilan boshlandi. Bu ramziy ehtirom, o‘z hayoti va mehnatini Vatan, xalq tinchligi yo‘lida baxshida etgan insonlar xotirasiga bo‘lgan chuqur hurmat ifodasidir. Bayram tadbirining rasmiy qismini universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori ochib berdi.
Tadbirga faxriy mehmon sifatida taklif etilgan mehnat faxriysi Dilorom Mi’razizova o‘z chiqishlarida urush yillari jasorat ko‘rsatgan o‘zbek qahramonlari, ularning mardonavor kurashlari haqida to‘lqinlanib so‘zlab, bugungi yoshlar ana shunday fidoyi insonlar xotirasini doimo e’zozlashlari, ular bilan faxrlanishlari zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Dastur davomida talabalar tomonidan universitetda faoliyat yuritgan ustozlarning xotirasiga bag‘ishlangan videoroliklar, badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ayniqsa, universitet talabalari ishtirokidagi “Hurriyat” teatr jamoasi tomonidan “Ilhaq” filmidan sahnalashtirilgan lavhalar barcha mehmonlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu chiqishlar orqali urush yillarining og‘ir manzaralari, insoniy jasorat va fidoiylik bir lahzaga bo‘lsa-da ko‘z o‘ngida gavdalantirildi.
Bunday tadbirlar bugungi yoshlarning qalbida milliy g‘urur, vatanparvarlik va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.