Yangiliklar

img
Thu, 12/05/2024 - 14:43

Shogirdlar ardog'idagi olim

2024-yil 4-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida atoqli adabiyotshunos olim, Alisher Navoiy ijodining mohir tadqiqotchisi, Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti sovrindori Yoqubjon Is’hoqov bilan ilmiy-ijodiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda respublikaning taniqli mutaxassislari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori professor N.Mahmudov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori B.To‘xliyev, Qarshi davlat universiteti professori N.Shodmonov, shuningdek, universitet olimlari Nusratulla Jumaxo‘ja, Nurboy Jabborov, Karomat Mullaxo‘jayeva, Olim To‘laboyev va talabalar ishtirok etdi.
Muloqotda so‘zga chiqqanlar zahmatkash navoiyshunos olim Yoqubjon Is’hoqovning ibratli hayot yo‘li, fan rivoji uchun qilgan xizmatlari va ilmiy yutuqlari haqida batafsil to‘xtaldilar. Xususan, olimning shogirdlar tarbiyalashdagi o‘rni, mumtoz poetika sirlarini tadqiq etishdagi izlanishlari, tarjimonlik va manbashunoslik sohalaridagi muhim ishlari bugungi yosh tadqiqotchilarga o‘rnak ekanligi ta’kidlandi. Yoqubjon Is’hoqovning “Alisher Navoiyning ilk lirikasi”, “Navoiy poetikasi”, “Naqshbandiya ta’limoti va o‘zbek adabiyoti” kabi tadqiqotlari katta ehtirom bilan tilga olinib, ularning bugungi kun uchun dolzarbligi keng muhokama qilindi.

Tadbir davomida Yoqubjon Is’hoqov so‘zga chiqib, ilmning mohiyati, olimlikning mas’uliyati va sharafi, shuningdek, Alisher Navoiy ijodining olamshumul ahamiyati haqida so‘z yuritdi. U yosh tadqiqotchilarga qimmatli maslahatlar berib, ilmiy halollik va izlanishlarida qat’iyatli bo‘lishga undadi.
Mazkur ilmiy-ijodiy uchrashuv ko‘tarinki va fayzli ruhda o‘tib, ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.