"Sharqqa olg'a" yozgi maktabi faoliyat boshladi
Avval xabar berganimizdek, Germaniya Akademik almashinuv xizmati (DAAD) tomonidan germaniyalik talabalarga mo'ljallangan yozgi maktab tanlovida universitetimiz g'olib bo'lgan edi. Ushbu loyiha doirasida germaniyalik talabalar uchun yozgi maktab faoliyat boshladi. Ular 3 hafta mobaynida o'zbek tilini va madaniyatini o'rganadilar. Shahrimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat qiladilar va milliy qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishadilar.
Yozgi maktab davomida O'zbekiston tarixi, dunyo sivilizatsiyasida tutgan o'rni haqida maxsus ma'ruzalar bo'lib o'tadi. Shuningdek, milliy oshxonamizga oid taomlarni tayyorlash, milliy raqs san'atimizga doir maxsus mahorat darslari ham o'tkaziladi. Mahorat darslari davomida qadimiy qo'lyozmalar va kalligrafiya bo'yicha maxsus mashg'ulotlar ham nazarda tutilgan. Qolaversa, Toshkent shahrida joylashgan muzeylarga tashriflar ham uyushtiriladi. Bir oy davom etadigan yozgi maktab yevropalik talabalar uchun Sharq haqidagi betakror taassurotlar tuhfa etadi. Ular o'z mamlakatlariga borgach bu taassurotlarini yaqinlari va tengdoshlari bilan bo'lishadilar. Natijada yurtimizga turistlar oqimi oshishi va shu kabi yozgi maktablar faoliyati yanada kengayishi kutilmoqda. “Oʻzbek maktabi” jamoasi tomonidan bu yozgi maktab yuqori sifatda tashkil etilishiga shubha yoʻq!