Sevilya universiteti bilan hamkorlik kengaymoqda
Universitetimizning xalqaro maydondagi faoliyati tobora kengayib, hamkorlar bilan amalga oshiriladigan ishlay ko'lami ortib bormoqda. Xususan, 8-iyul kuni universitetimizga Ispaniyaning Sevilya universiteti vakillari Karolina Markiz Guero hamda Daniel Coq-Huelva mehmon bo'ldi. Tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad Sevilya universiteti bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan Erasmus+ dasturi doirasidagi 2 ta yangi loyihaning yakuniy muhokamasi va boshqa muhim masalalarda fikr almashishdan iboratdir. Ushbu loyihalar BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlari bo'yicha ta'lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishga yo'naltirilgan bo'lib, Sharq va G'arb an'analari hamda global taraqqiyot omillarini ko'zda tutgan holda maqsadga erishishga qaratilgan. Qolaversa, Gruziyaning Qoradengiz universiteti bilan hamkorlikda bajarilayotgan tarix va etnografiya yo'nalishidagi loyihaning yakuniy bosqichlari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari mehmonlar ToshDO'TAUda ispan tilini ikkinchi chet tili sifatida o'qitish tizimini yo'lga qo'yish va bu borada hamkorlik qilish taklifini bildirdilar.

Ta'kidlash joizki, Sevilya universiteti dunyoning eng tarixiy bilim dargohlaridan biri sanaladi, ya'ni u XVI asrda tashkil topgan. Bu universitet hozirda jahonning TOP-500 ta OTMlaridan biri sanaladi va qariyb 60000 talaba tahsil oladi.


